Dual tizim: ikki joyda o’rganish
Dual tizim: ikki joyda o’rganish
Germaniya kasbiy ta’lim tizimining o’zagini dual ta’lim tashkil etadi. "Dual" atamasi ta’lim ikkita o’quv maskanida – o’quv korxonada va kasb-hunar maktabida – o’tishini anglatadi. Korxonada amaliy ish tajribasi bilan maktabdagi nazariyaning o’zaro uzviy bog’liqligi shogirdlarni zamonaviy mehnat bozorining talablariga eng samarali usulda tayyorlaydi.
Tuzilma va o’quv maskanlari
Odatda shogirdlar haftasiga uch-to’rt kun korxonada va bir-ikki kun kasb-hunar maktabida o’qishadi. Shuningdek, maktabdagi dars va korxonadagi amaliy ish davrlari bir necha haftalik bloklar shaklida ham o’tkazilishi mumkin.
An’anaviy kasbiy ta’lim – o’quv jarayoni kasb-hunar maktablarida an’anaviy shaklda, ya’ni deyarli butunlay maktabning o’zida tashkil etiladi.
-
O’quv korxonasi: Bu yerda yoshlar kundalik ish jarayonida bevosita amaliy ko’nikmalarni o’rganadilar. Ular korxonaning ish faoliyatiga to’liq jalb etiladi va kasbiy ta’lim beruvchi malakali ustozlarning nazorati ostida bo’ladilar.
-
Kasb-hunar maktabi: Bu yerda tegishli kasbning nazariy asoslari hamda nemis, ingliz tillari va ijtimoiy fanlar kabi umumiy ta’lim fanlari o’rgatiladi.
- Korxonalararo o’quv markazlari (ÜBS): Ayniqsa hunarmandchilik sohasida korxonalararo o’quv kurslari alohida bir korxona to’liq qamrab ololmaydigan ixtisoslashgan bilimlarni taqdim etib kasbiy ta’limni to’ldiradi.
Huquqiy asos, standartlar va boshqaruv
Dual kasbiy ta’lim Kasbiy ta’lim to’g’risidagi qonun (BBiG) va Hunarmandchilik to’g’risidagi qonun (HwO) bilan qat’iy tartibga solinadi.
-
Kasbiy ta’lim shartnomasi (Ausbildungsvertrag): Kasbiy ta’lim boshlanishidan oldin korxona va shogird o’rtasida xususiy huquq asosida kasbiy ta’lim shartnomasi tuziladi. Unda huquq va majburiyatlar, ish haqi hamda shogirdlik muddati belgilab qo’yiladi.
-
Kasbiy ta’lim nizomi (Ausbildungsordnung): 320 dan ortiq tan olingan shogirdlik kasblarining har biri uchun butun Germaniyada tan olingan va amalda bo’lgan kasbiy ta’lim nizomi (Ausbildungsordnung) mavjud. Nizom korxonadagi o’qish mazmunini belgilaydi va shu bilan sifatning bir xil yuqori darajasini ta’minlaydi, o’qish katta yoki kichik korxonada, shaharda yoki qishloq joyida, ya‘ni qayerda bo’lishidan qat’i nazar.
-
Boshqaruv: Ijtimoiy sheriklar – ya’ni ishchilar va ish beruvchilar tashkilotlari – bilan maslahatlashgan holda davlat turli darajalarda dual kasbiy ta’lim tizimini boshqaradi.
Moliyalashtirish va oylik
O’ziga xos xususiyat shundaki, shogird birinchi kundan boshlab korxona tomonidan to’lanadigan shogird oyligini oladi. Qonunda minimal oylik belgilangan bo’lib, u shogirdlik davrida yil sayin oshib boradi. Davlat kasb-hunar maktabida o’qish bilan bog’liq xarajatlar hamda ijtimoiy zaif guruhlarga ko’rsatiladigan yordam xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi.
Imtihon va bitiruv hujjati
Kasbga qarab, ta’lim ikki yildan uch yarim yilgacha, odatda uch yil davom etadi. U tegishli palatalar (masalan, Sanoat va savdo palatasi, IHK, yoki Hunarmandchilik palatasi, HWK) tomonidan o’tkaziladigan imtihonlar bilan yakunlanadi. Imthonni muvaffaqiyatli topshirgan bitiruvchilarga hunarmand diplomi (Gesellenbrief) yoki malakali ishchi diplomi (Facharbeiterbrief) beriladi. Bu diplom kasbiy harakat kompetentsiyasini tasdiqlovchi sifat belgisi hisoblanadi, u milliy va xalqaro miqyosda tan olinadi hamda ko’pincha kasbiy karyeraning poydevor bo‘ladi.
Dual modelning afzalliklari
Tizim barcha taraflar uchun foydali vaziyatni taklif etadi: korxonalar o’zlari uchun o’z ehtiyojlariga aniq mos keladigan yosh malakali ishchilar zaxirasini yaratadi. Yoshlar uchun esa ishga joylashish juda yuqori darajada kafolatlanadi, chunki bitiruvchilarning aksariyati amaliyot o’tagan korxonaga to’g’ridan-to’g’ri ishga qabul qilinadi.