Germaniya kasbiy ta’lim tizimi
Germaniya kasbiy ta’lim tizimi – tamoyillari va tuzilishi
Germaniya kasbiy ta’lim tizimi umumiy ta'lim tizimining muhim tarkibiy qismi bo'lib, mehnat olami bilan chambarchas bog'liq. U yoshlar va kattalarga malakali kasbiy ta’lim olish uchun xilma-xil imkoniyatlarni taklif etadi va amaliy yo'naltirilganligi, oliy ta’limga o’tish imkonini berganligi hamda davlat, biznes sektori hamda ijtimoiy sheriklar o'rtasidagi hamkorlik bilan ajralib turadi. Uning asosiy maqsadlari malakali ishchi kuchini ta'minlash va umrbo‘yi ta’limni rag'batlantirishdir.
Federal tuzilma va ta'lim olish yo'llarining xilma-xilligi
Germaniya federal davlatdir. Kasbiy ta’lim sohasidagi mas'uliyatlar federal hukumat va federal o‘lkalar o'rtasida taqsimlangan. Kasbiy ta’lim to'g'risidagi qonun (BBiG) va Hunarmandchilik to'g'risidagi qonun (HwO) asosida federal hukumat dual kasbiy ta’limni hamda davlat tomonidan tan olingan kasbiy ta’lim doirasida o’qitiladigan kasblar bo'yicha malaka oshirish va qo'shimcha ta'limni tartibga soladi. Dual tizim doirasida kasbiy ta’limning korxonalarda o‘tiladigan qismi, ya’ni korxonalardagi o'quv dasturi, kasb-hunar maktablaridagi darslar va ma’sul palatalar tomonidan tartibga solinadigan yakuniy imtihonlar butun Germaniyada bir xil belgilangan. Kasbiy ta’limning maktabdagi qismi esa, ya’ni kasb-hunar maktablari, an’anaviy kasbiy ta’limning aksariyat qismi hamda federal o’lka qonunchiligi bilan tartibga solinadigan kasblar, xususan sog'liqni saqlash, parvarish, tarbiya va ijtimoiy xizmatlar sohalari uchun federal o’lkalar mas'uldir.
Shunday qilib, kasbiy ta’limning ikkita asosiy ustuni mavjud:
- Dual kasbiy ta’lim – kasb-hunarni o‘rganishning eng muhim yo'li bo'lib, korxonadagi amaliyotni maktabdagi nazariy o'qish bilan birlashtiradi.
- An’anaviy kasbiy ta’lim –o’quv jarayoni kasb-hunar maktablarida an’anaviy shaklda, ya’ni deyarli butunlay maktabning o’zida tashkil etiladi.
2020 yildan boshlab, bu malakalar ‘Bachelor Professional’ malakasiga ham olib keladi.
Kasbiy ta’limning bu ikki shakliga qo’shimcha ravishda dual akademik ta'lim dasturlari ham mavjub bo’lib, ular oliy ta’lim va amaliy ish tajribasini birlashtiruvchi dasturlardir. Rasman ular kasbiy ta’lim tegishli deb hisoblanmaydi, chunki ular oliy ta’limning bir qismi sanaladi.
Kasbga yo'naltirish va kasbiy ta'limga o'tish
Kasbga yo’naltirish Germaniya tizimida markaziy o'rin tutadi. Umumta’lim maktabida o'qiyotgan paytda ham yoshlarga turli kasblar haqida ma'lumot, amaliyot o’tash imkoniyatlari va maslahatlar beriladi. Federal Bandlik agentligi, palatalar va maktablar tomonidan taqdim etiladigan kasbga yo’naltirish tadbirlari yoshlarga maktabdan kasbiy ta’lim yoki oliy ta'limga o'tishda ko'mak beradi. Maqsad – yoshlarga o'z kasbini tanlashda aniq ma’lumotlarga va real imkoniyatlarga asoslangan holda qaror qabul qilish imkonini berishdir.
Kasbiy ta’limning tuzilmaviy xususiyatlari va asosiy jihatlari
Germaniyaning kasbiy ta'lim tizimi uning sifatini va e’tirof etilishini ta’minlaydigan quyidagi asosiy jihatlarga asoslanadi:
- Davlat, biznes sektori va ijtimoiy sheriklarning birgalikdagi mas'uliyati: Davlat, biznes sektori va ijtimoiy sheriklar kasbiy ta’lim uchun zarur shart-sharoitlarni birgalikda ta'minlashadi, jumladan, ular ta’lim xarajatlarini birgalikda moliyalashtiradi, o'quv dasturlarini ishlab chiqishadi va amalga oshirishadi, o’zlashtirilgan ko'nikmalarni imtixonlarda baholashadi va sertifikatlashadi.
- Ish joyida o'qish: Germaniya kasbiy ta’limi keng qamrovli amaliy ko'nikmalarni – kasbiy harakat kompetensiyasini, ya’ni mustaqil ishlash qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan. Haqiqiy ish muhitida o'qish va maktabda o'qish shakllarini birlashtirish – zarur bo‘lgan masxus, uslubiy va ijtimoiy ko'nikmalarni rivojlantirishning eng yaxshi usulidir.
- Standartlarning jamiyat tomonidan e’tirof etilishi: Korxonalararo kasbiy standartlar va ta'lim standartlari hamda imtihonga oid yagona standartlar kasbiy ta’lim sifatini kafolatlaydi. Taqqoslanadigan kasbiy ta'lim diplom va sertifikatlari ishga joylashish salohiyati, mobillik va jamiyat tomonidan e’tirof etilishning asosini tashkil etadi hamda umrbo‘yi ta’limni rag'batlantiradi.
- Kasbiy ta'lim beruvchi xodimlarni tayyorlash: Kasb-hunar o'qituvchilarini va korxonadagi kasbiy ta’lim ustozlarni tayyorlash sifatning asosiy ustunidir: kasbiy ta'limning integratsiyalashgan yondashuvi kasb-hunar maktabi o'qituvchilari va korxonadagi kasbiy ta’lim ustozlari ham pedagog, ham kasb mutaxassislari bo'lishini taqozo etadi. Kasbiy pedagogika korxonadagi barcha o'qitish va o'rganish jarayonlarining poydevoridir.
- Institutsional tadqiqot va maslahatlar: Ta'lim va mehnat bozori bo'yicha tadqiqotlar kasbiy ta’limni texnik, iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlarga doimiy moslashishini ta'minlaydi. Kasblarga oid ma'lumot va maslahatlar boshlang’ich va qo’shimcha ta’lim dasturlarini tanlashda hamda ishga joylashishda yordam beradi.
Ushbu xususiyatlar kasbiy ta’lim diplom va sertifikatlari biznes va keng jamoatchilik tomonidan yuqori e’tirof etilishini ta'minlaydi.
Qo'shimcha ta’lim
Kasbiy ta’lim doirasida o’zlashtiriladigan har bir kasb bo‘yicha qo'shimcha ta'lim imkoniyatlari mavjud bo‘lib, ular ko'nikmalarni rivojlantirish va malaka darajasini oshirishga xizmat qiladi. Kasbiy ta'lim tizimi doirasidagi qo'shimcha ta'lim shakllaridan tashqari, kasbiy ta'limni tamomlaganlar o'qishni oliy ta'limda davom ettirish imkoniyatiga ham ega. Qo'shimcha ta'limning yuqori darajasi iqtisodiyotning uzoq muddatli barqarorligini ta'minlashda muhim omil hisoblanadi.
Malaka darajalari va kasbiy ta’limdan oliy ta’limga o’tish imkoniyatlari
Kasbiy ta’lim doirasida olinadigan malakalar Germaniyaning malakalar ramkasi (DQR) doirasida tasniflanadi, u 1-dan 8-gacha bo'lgan malaka darajalaridan iborat.
- Tamomlangan dual yoki an’anaviy kasbiy ta'lim odatda 4-darajaga to'g'ri keladi.
- Yuqori darajadagi kasbiy malakalar, masalan, usta hunarmand (Meister), texnik (Techniker) yoki biznes ma'muri (Fachwirt), 6-darajada bo'lib, bu bakalavr darajasiga tengdir. Ba'zi hollarda 'Bachelor Professional' malakasi ham beriladi.
- Strategik qo'shimcha malakalar, masalan, sertifikatlangan biznes-ma‘mur (geprüfter Betriebswirt) yoki kasbiy o'qituvchi (Berufspädagog) 7-darajagacha yetishi mumkin; ular magistrlik darajasiga teng va ma'lum sharoitlarda 'Master Professional' malakasi berilishi mumkin.
Tizim o‘tkazuvchan: oliy ta'limga kirish kasbiy ta’limning faqat yuqori malakalari bilan bog'liq emas. Kasbiy ta’limni tamomlagan va bir necha yillik kasbiy tajribaga ega bo'lgan shaxslar ham – tegishli federal o‘lka qonunchiligiga qarab – oliy ta’limda o’qishga kirishlari mumkin. Bu kasbiy va akademik ta'lim o'rtasida ochiq yo'l yaratadi.
Hozirgi muammolar
Germaniyada akademik diplomlarga intilish tendensiyasi davom etmoqda. Umumta’lim maktabini bitirgach kasbiy ta'limga kirgan yoshlar soni oxirgi 20 yil ichida sezilarli darajada kamaydi. Shu bilan bir vaqtda, Germaniya demografik muammolarga duch kelmoqda. Chet eldan malakali ishchilar va shogirdlarni jalb qilish malakali ishchi kuchi tanqisligini bartaraf etish yo'llaridan biri hisoblanadi. Bu borada ko’zga tashlandigan bir tafovvut mavjud. Har yili yoshlar shogirdlik o'rinlarini izlaydi, shu bilan birga ko'plab shogirdlik o'rinlari bo'sh qoladi. Buning sabablari bir tomondan potentsial shogirdlarda mobillik yetishmasligi, boshqa tomondan esa shogirdlik o’rniga tegishli malaka talablari va vazifalar hamda nomzodlarning istaklari va malakasi o’rtasida mavjud farqlardir. Texnologik innovatsiyalar, eng avvalo sun'iy intellektdan kelib chiqayotgan imkoniyatlar, va huquqiy asoslar, xususan dekarbonizatsiyaga yonalishida, malaka talablarini o'zgartirmoqda va ularni kasbiy ta'limga kiritishni taqozo etmoqda.
Kasbiy ta’limning ahamiyati va xalqaro munosabat
Germaniyaning kasbiy ta’lim tizimi xalqaro miqyosda ta'lim va bandlikni uyg'unlashtirish bo'yicha namunali tizim deb hisoblanadi. Uning kuchli tomonlari hamkorlikka asoslangan boshqaruv, yuqori darajada amaliyotga yo'naltirganlik, imtihonlar va standartlar asosida sifatni ta'minlash hamda kasbiy malakalarni keng ijtimoiy e'tirof etilishidir. Ushbu tuzilma yoshlar o’rtasida ishsizlikni past darajada ushlab turishga va Germaniya iqtisodiyotining innovatsion salohiyatini mustahkamlashga sezilarli hissa qo'shadi.
Qo'shimcha ma'lumot
GOVET taqdimotlari Germaniya kasbiy ta’lim tizimining ko'plab jihatlarini yanada chuqurroq yoritib beriladi: www.govet.international/presentation.